Buxoro viloyatining Kogon shahrida fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va'da qilib, undan 8 ming AQSh dollari talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Departamentning Kogon shahridagi bo'limi tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbirda bir fuqaro boshqa shaxsning ishonchiga kirib, uni Janubiy Koreyaga ishga jo'natishni va'da qilgani aniqlangan. U buning uchun yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali masalani hal qilib berishini aytgan.
Shu tariqa u kelishilgan 8 ming dollardan 1 ming dollarini firibgarlik yo'li bilan olgan. Ushbu pulning 200 dollari protsessual tartibda qaytarilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o'tamiz, so'nggi vaqtlarda fuqarolarni Janubiy Koreyaga ishga yoki o'qishga yuborishni va'da qilib, katta miqdorda pul talab qilish bilan bog'liq firibgarlik holatlari ko'paygan.
14 may kuni Bosh prokuratura huzuridagi Departament O'zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog'liq yirik korruptsiyaviy sxemani fosh etgan. Unda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi hamda xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdorlari va boshqa shaxslar ishtirok etgani aytilgan.
Shuningdek, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida ham fuqarolarni Koreyaga ishga yuborishni va'da qilib, ulardan pul olgan shaxslar ushlangan.
4 iyun kuni Koreyaga o'qish va ishlash uchun ketmoqchi bo'lgan 15 nafar fuqarodan 50 ming dollardan ortiq pul olgan nodavlat ta'lim muassasasi rahbari ham ushlangani xabar qilingan. 10 iyun kuni esa Janubiy Koreyaga borish niyatida bo'lgan 56 nafar fuqaro firibgarlar tomonidan aldangani ma'lum bo'lgan.
19 iyun kuni Migratsiya agentligining Farg'ona viloyati filiali sobiq rahbari B.X. 8 nafar fuqaroni imtihonlardan o'tkazib, Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va'da qilgani va buning evaziga 90 ming dollar olgani fosh etilgan.
26 iyun kuni esa Janubiy Koreyaga ketmoqchi bo'lgan yana 20 nafar fuqaro firibgarlar tomonidan aldangani aniqlangan.
11 iyul kuni Toshkent shahrida ikki shaxs fuqarolarni Janubiy Koreya va AQShga noqonuniy yo'llar bilan yuborishni va'da qilib, 55 ming dollar talab qilgani va shundan 25 ming dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida yashovchi, 2001 yilda tug'ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs fuqaroni O'zbekiston—Turkiya—Ispaniya—Meksika—AQSh yo'nalishi orqali Amerikaga yuborishni va'da qilib, 50 ming dollar talab qilgan. U Toshkent shahrida o'tkazilgan tezkor tadbirda 20 ming dollarini olayotgan vaqtda qo'lga olingan.






