Anomal issiq ob-havo sharoitida ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish maqsadida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan barcha hokimliklarga maxsus ko‘rsatma yuborildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma’lum qildi.
Ko‘rsatmaga muvofiq, kunning eng issiq qismi hisoblangan soat 10:00 dan 17:00 gacha yuqori harorat ta’sirida bajariladigan va xodimlar hayoti hamda sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ayrim ishlar vaqtincha to‘xtatiladi.
Shuningdek, ochiq havoda mehnat qilayotgan xodimlar uchun moslashuvchan ish rejimi joriy etilishi belgilandi.
Ish beruvchilar xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashi, ular uchun quyosh nurlari va yuqori haroratdan himoyalangan dam olish joylarini tashkil etishi kerak.
Bundan tashqari, majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki tibbiy xulosaga ko‘ra muayyan ishni bajarishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni mehnatga jalb qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Ko‘rsatmada xodimlarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash, mehnat va dam olish tartibini qayta ko‘rib chiqish hamda yuqori harorat ta’sirida sog‘lig‘i yomonlashgan xodimga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish choralarini ko‘rish talab etilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur talablarning bajarilishi doimiy nazorat qilinishini bildirdi. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzgan mansabdor va mas’ul shaxslar amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortiladi.






