AsosiyJAMIYAT

Mashhur milliy taomlar restorani egasi 8 yilga qamaldi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida 1977 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan O.I. hamda yana olti nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.

'Mashhur milliy taomlar restorani egasi 8 yilga qamaldi'ning rasmi

Namangan viloyatining Pop tumanida "Rayhon oilaviy milliy taomlari" restorani ta'sischisi va yana olti nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishi bo'yicha sud hukmi e'lon qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma'lum qildi.

Jinoyat ishlari bo'yicha Pop tuman sudida 1977 yilda tug'ilgan, muqaddam sudlanmagan O.I. hamda yana olti nafar sudlanuvchiga oid jinoyat ishi ko'rib chiqilgan.

Sud hukmiga ko'ra, barcha yetti nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o'zlashtirish yoki rastrata yo'li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 227-moddasi (hujjatlar va boshqa rasmiy belgilarni noqonuniy egalash yoki yashirish) hamda 228-moddasi (hujjatlarni qalbakilashtirish va ulardan foydalanish)da nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.

Sud qarori bilan O.I.ga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 62-moddasiga muvofiq, uning qamoqda saqlangan vaqti jazo muddatiga hisobga olinib, uzil-kesil jazo muddati 7 yil 11 oy 28 kun etib belgilangan.

Qolgan olti nafar sudlanuvchiga ham sodir etgan jinoyatlarining og'irligi va jinoyatdagi ishtirok darajasidan kelib chiqib, turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Shuningdek, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan moddiy zararni sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.
Qayd etilishicha, birinchi instansiya sudi hukmi ustidan qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda Namangan viloyati sudining apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasiga shikoyat yoki protest keltirilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar