AsosiyJAMIYAT

Soxta prokuror ushlandi

Bosh prokuratura fuqarolarni o‘zini davlat organlari xodimi sifatida tanishtirib, xizmatlar evaziga pul talab qiluvchi shaxslarga ishonmaslikka chaqirdi.

'Soxta prokuror ushlandi'ning rasmi

Toshkent viloyatining Qibray tumanida o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, soxta guvohnoma bilan yurgan shaxs ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2007 yilda tug‘ilgan K.X. onasiga tegishli Cobalt rusumli, 10 W 284 LB davlat raqam belgili avtomashinani boshqarib yurgan vaqtda o‘zini Qibray tumani prokuraturasi xodimi sifatida tanishtirgan.

U 2026 yil 12 iyul kuni Qibray tumanidagi "G‘afur G‘ulom" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida o‘tkazilgan reyd tadbiri davomida yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

K.X. qonuniy chora ko‘rilmasligi uchun o‘zini prokuratura xodimi sifatida tanishtirib, soxta guvohnomasini ko‘rsatgan. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.

Avtomashina nazorat tartibida ko‘zdan kechirilganda, uning o‘rindig‘idan "25 C 836 AA" davlat raqam belgisi aniqlangan. Hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi chaqirilib, K.X.dan guvohnoma va bir juft davlat raqam belgisi olib qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan 13 iyul kuni Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi "b" bandi va 228-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura fuqarolarni o‘zini davlat organlari xodimi sifatida tanishtirib, xizmatlar evaziga pul talab qiluvchi shaxslarga ishonmaslikka chaqirdi.

Qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, Bosh prokuraturaning "1161" raqamli ishonch telefoniga murojaat qilish mumkin. Murojaat qilgan shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar