Katta Manchesterning sobiq meri Endi Byornem Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimiga rasman kirishdi. Bu haqda "The Guardian" xabar berdi.
56 yoshli Byornem so'nggi 10 yil ichida Buyuk Britaniya Bosh vaziri lavozimini egallagan yettinchi siyosatchi bo'ldi.
Yangi Bosh vazir mamlakat uchun "10 yillik reja" ishlab chiqishini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, mazkur reja bosh vazirlik lavozimida qancha vaqt qolish masalasiga emas, balki mamlakatdagi tizimli muammolarni uzoq muddatli hal etishga qaratilgan.
Byornem o'z oldiga aholi turmush xarajatlarining oshib borishi bilan bog'liq muammolarni kamaytirish, davlat xizmatlari samaradorligini oshirish va iqtisodiy o'sishni rag'batlantirish kabi vazifalarni qo'ygan.
'Biz odamlarning moliyaviy bosimini kamaytirishga e'tibor qaratamiz. Odamlar oddiy narsalar — juma kuni ichimlik ichishga chiqish, farzandlari bilan vaqt o'tkazish yoki ta'tilga borish imkoniyati haqida tashvishlanmoqda", — dedi Byornem.
Yangi hukumatning dastlabki qarorlaridan biri barcha xodimlar uchun majburiy raqamli identifikatsiya hujjatini joriy etish rejasidan voz kechish bo'ldi.
Tashqi siyosatda esa Byornem Buyuk Britaniyaning AQSh, Ukraina va Yevropa davlatlari bilan munosabatlarini saqlab qolishga urg'u berishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniyaning AQSh bilan "Five Eyes" razvedka aliansi doirasidagi hamkorligi va xavfsizlik sohasida Vashingtonga bog'liqligi sababli, Londonning AQSh bilan ochiq qarama-qarshilikka borishi ehtimoli past baholanmoqda.
Shu bilan birga, Byornem Isroil hukumatiga bosimni kuchaytirish, jumladan, qo'shimcha sanksiyalar joriy etish va Isroilning noqonuniy aholi punktlaridan keltiriladigan tovarlar savdosini taqiqlash tarafdori ekani aytilgan. U, shuningdek, Buyuk Britaniyaning Isroilning G'azo sektoridagi harbiy operatsiyasini dastlab qo'llab-quvvatlagani uchun uzr so'ragan.
Ukraina masalasida Byornem Buyuk Britaniya xavfsizligi Ukraina xavfsizligi bilan bevosita bog'liq, deb hisoblaydi. Shu sababli Londonning Kiyevni qo'llab-quvvatlash siyosati saqlanib qolishi kutilmoqda.
Byornemning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarga yondashuvi ham diqqat markazida. U avvalroq Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqiga o'z hayoti davrida qayta a'zo bo'lishini xohlashini aytgan edi.
Biroq ekspertlar yangi Bosh vazirning birinchi navbatda Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni "qayta yuklash"dan ko'ra, mamlakatning ichki muammolariga e'tibor qaratishi mumkinligini bildirmoqda.
Eslatib o'tamiz, 22 iyun kuni Buyuk Britaniya sobiq Bosh vaziri Kir Starmer iste'foga chiqishini ma'lum qilgan edi.






