So‘nggi yillarda mazkur sohaga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 10 barobarga oshib, 2,7 milliard dollarga yetgan. Buning natijasida aholining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasi 2017 yildagi 63 foizdan qariyb 83 foizga oshgan.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda 7,7 million aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan, 11 million aholining suv ta’minoti yaxshilangan. Shuningdek, 1,1 million kishi kanalizatsiya tizimiga ulangan.
Bu davrda 39 ming kilometr ichimlik suvi va 3,2 ming kilometr oqova suv tarmoqlari qurilgan va rekonstruksiya qilingan. 3,4 mingta ichimlik suvi inshooti hamda 295 ta oqova suv inshooti va nasos stansiyasi barpo etilgan yoki yangilangan.
Kelgusi yillarda ichimlik suvi ta’minotini 90 foizga, shaharlarda kanalizatsiya xizmatlari qamrovini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun qo‘shimcha 1,3 milliard dollar investitsiya jalb etilishi ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda sohadagi ayrim muammolar ham muhokama qilindi. Jumladan, Andijon shahrida kanalizatsiya tizimidagi muammolarni bartaraf etish uchun 107 milliard so‘m ajratilgan. Sergeli tumanida esa yoqimsiz hid tarqalishining oldini olish maqsadida zamonaviy filtrlarni o‘rnatilmoqda.
Surxondaryo aholisini To‘palang suv omboridan ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasi doirasida Termiz shahrigacha tarmoq tortib kelingan. Yil yakuniga qadar Sherobod, Muzrabot, Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlariga ham suv yetkazib berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 513 ta mahallaga markazlashgan ichimlik suvini olib borish, yana 3 mingta mahallada suv ta’minoti sifatini yaxshilash vazifasi belgilandi.
Ichimlik suvini xonadonlargacha yetkazib berish maqsadida 232 mingta suv kolonkasi o‘rniga tarmoqlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri uylargacha tortish ko‘zda tutilmoqda.
Yil yakuniga qadar umumiy qiymati 600 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi. Ularning doirasida 1,6 ming kilometr ichimlik suvi va 387 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i, 80 ta suv hamda 29 ta oqova suv inshooti quriladi.
Natijada 107 ta mahalladagi 310 ming aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanadi. 453 ta mahalladagi 2,5 million aholi uchun esa suv ta’minoti yaxshilanadi.
Qashqadaryo viloyatida "Hisorak" suv omboridan ichimlik suvi olib kelish loyihasini jadallashtirish topshirildi. Qiymati 217 million dollar bo‘lgan loyiha Qamashi, G‘uzor va Qarshi tumanlari hamda Qarshi shahridagi 1,1 million aholining suv ta’minotini yaxshilashi kutilmoqda.
Prezident suv ta’minoti korxonalarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalasiga ham e’tibor qaratdi. Amaldagi tariflar xizmatlarning haqiqiy tannarxini to‘liq qoplamayotgani, hududlar kesimidagi keskin farqlar esa sohaning investitsion jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan ichimlik suvini ishlab chiqarish va iste’molchilarga yetkazib berish vazifalarini ajratish hamda Magistral suv ta’minoti korxonasini tashkil etish taklif qilindi. Mazkur korxona hududiy korxonalarga ichimlik suvini yagona ulgurji tarif asosida yetkazib berishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, tariflarni shaffof va iqtisodiy asoslangan mezonlar asosida belgilash uchun Idoralararo tarif komissiyasini tashkil etish, 2027 yil 1 apreldan byudjet tashkilotlari uchun yagona tarifni joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
Sohani raqamlashtirish doirasida barcha iste’molchilar bilan hisob-kitoblarni onlayn tizimga o‘tkazish, zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatish hamda suv inshootlari va tarmoqlarining raqamli xaritasini yaratish belgilandi.
"SCADA", "GIS", telemetriya va yagona billing tizimlarini keng joriy etish orqali suv yo‘qotishlarini 35 foizdan 25 foizga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalangan holda nasos uskunalari ishini tahlil qilish, avariya va suv oqishlarini oldindan aniqlash, iste’mol hajmini prognozlash hamda aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqishga qaratilgan loyihalar taqdim etildi.
Taqdimot yakunida Prezident loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, xizmatlar qamrovini kengaytirish, korxonalarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash hamda sohani raqamlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi.






