20 iyul kuni soat 13:13 da Toshkent shahar FVBBga Yangihayot tumani Navro‘z ko‘chasidagi 16 qavatli uyning 8-qavatida joylashgan xonadonlardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Qutqaruv texnikalari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Tekshiruv davomida xonadonning oshxona qismida gaz-havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lgani aniqlangan. Mazkur xonadonda yong‘in qayd etilmagan.
Chaqnash oqibatida xonadonda yashovchi ikki nafar fuqaro yengil tan jarohati olgan. Hozirda ularning ahvoli qoniqarli bo‘lib, shifokorlar nazoratiga olingan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa nosoz gaz qurilmalaridan foydalanish oqibatida sodir bo‘lgan.
Toshkent shahar FVBB fuqarolarni nosoz gaz qurilmalaridan foydalanmaslikka hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.






