Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Buyuk Britaniya Qiroli Charlz IIIning Kembrij markaziy masjidiga tashrifini "juda ahamiyatli" deb baholadi.
Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, mazkur tashrif dunyoda islamofobiya va madaniy irqchilik kuchayib borayotgan bir paytda amalga oshirilgani bilan ahamiyatli.
"Kamsitishlarga qarshi birdamlik va nafratga qarshi hurmat ramziga aylangan masjidimiz o‘z vazifasini muvaffaqiyatli bajarayotganini ko‘rib turibmiz", dedi Turkiya Prezidenti.
U Qirol Charlz III turli madaniyat, kelib chiqish va e'tiqodga mansub insonlarning tinch-totuv yashashi masalasiga katta ahamiyat qaratayotganini qayd etdi.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Buyuk Britaniya xalqiga, xususan, mamlakatda yashovchi musulmonlar va turk diasporasi vakillariga salom yo‘llab, Qirol Charlz IIIni Turkiyaga tashrif buyurishga taklif qildi.
Kembrij markaziy masjidi 2019 yilda Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ishtirokida ochilgan. Majmua Yevropadagi ilk ekologik toza masjidlardan biri hisoblanadi.






