Videoselektor yig‘ilishida hududlarda yil davomida intervensiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani sababli pishiqchilik davrida daladagi kartoshka narxi tushib ketgani qayd etildi.
Fermerlarda manfaatdorlik bo‘lmagani tufayli 325 ming tonna kartoshka sotilmay turibdi.
Davlat rahbari kartoshkani fermerlar foyda ko‘radigan narxda zaxiraga olib, taqchillik davrida bozorga chiqarish orqali narxni barqaror ushlab turish zarurligini ta’kidladi.
Yilning yarmi o‘tganiga qaramay, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida meva-sabzavotlarni saqlashga mo‘ljallangan birorta ham sovitkichli ombor ishga tushirilmagani tanqid qilindi.
Yil yakuniga qadar umumiy quvvati 87 ming tonnani tashkil etuvchi 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Hokimlar joriy yilda oziq-ovqat jamg‘armalarini 2,5 barobar ko‘paytirib, 500 milliard so‘mga yetkazishi kerak edi. Biroq ayrim hududlardan tashqari birorta ham hokim jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazmagani aytildi.
Bosh vazir o‘rinbosariga uch kun muddatda grafikni tasdiqlab, hokimlar oziq-ovqat jamg‘armalariga har oy qancha mablag‘ o‘tkazishini belgilab berish topshirildi.






