Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligidagi hukmron "Adolat va taraqqiyot" partiyasi mamlakatning yarim prezidentlik boshqaruv shakliga o‘tishi masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda "Ekonomim" gazetasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentlik va parlament respublikasi xususiyatlarini birlashtirgan aralash tizimga o‘tish masalasi rejalashtirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar doirasida ko‘rib chiqilmoqda.
Taklif etilayotgan o‘zgarishlar parlament vakolatlarini kuchaytirish va unda hukmron partiyaning ko‘pchilikni tashkil etishini ta’minlash zarurati bilan izohlanmoqda. Islohotlar doirasida bir mandatli saylov tizimiga o‘tish taklifi ham bildirilgan.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur masala Turkiya Demokratiya jamg‘armasi vakillarining Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida muhokama qilingan.
Rasmiylar hozircha bu ma’lumotga izoh bermagan. Erdo‘g‘an esa avvalroq Turkiyaning prezidentlik boshqaruv shaklidan parlament boshqaruviga qaytishi haqidagi bahslarni bir necha bor samarasiz deb atagan.
Turkiya 2017 yilda umumxalq referendumi orqali konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar qabul qilinganidan so‘ng, 2018 yilda prezidentlik boshqaruv tizimiga o‘tgan.






