O'zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatulla Nazarov investitsiya va tashqi savdo masalalariga yetarlicha e'tibor qaratmagani uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ma'lum qilindi.
Yig'ilishda so'nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta tashrif doirasida 213 milliard dollarlik 1617 ta investitsiya loyihasi bo'yicha kelishuvlarga erishilgani qayd etildi. Biroq mazkur loyihalar ijrosini nazorat qilishda sustkashliklarga yo'l qo'yilayotgani tanqid qilindi.
Endilikda investitsiya loyihalari bo'yicha "yo'l xaritalari"ni Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi yuritishi belgilandi. Bosh vazirga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar ishtirokida "yo'l xaritalari"ni davlatlar kesimida "loyihabay" muhokama qilish topshirildi.
Shuningdek, xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati ham tanqidiy baholandi. Belarusdagi elchi investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi uchun lavozimidan ozod etilgani aytildi.
Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, Ummon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilar faoliyati ham yetarli darajada ko'rinmayotgani qayd etildi.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga komissiya tuzib, diplomatik vakolatxonalarning iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport yo'nalishlaridagi faoliyatini tahlil qilish topshirildi.
Komissiya o'z vazifasini bajara olmayotgan diplomatik xodimlarni yosh va zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish bo'yicha takliflar kiritishi kerak.






