AsosiySIYOSAT

O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi: Prezident yil yakuniga qadargi ustuvor vazifalarni belgilab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar hamda yil yakuniga qadar amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

'O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi: Prezident yil yakuniga qadargi ustuvor vazifalarni belgilab berdi'ning rasmi

Yil boshidan buyon O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlar sohasida 16,9 foiz, qurilishda 13,8 foiz va qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish ta’minlandi. Investitsiyalar hajmi 28 milliard dollarga, eksport esa 14,4 milliard dollarga yetdi. Shuningdek, “Fitch” va “Moody’s” xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonning suveren kredit reytingini bir pog‘onaga yaxshiladi.

Shu bilan birga, davlat rahbari 40 milliondan ortiq aholi hayotini yaxshilash uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlarini 9–10 foizga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

“Har bir vazir va hokimning ishi odamlarning yashash madaniyatida sezilmasa, tadbirkorlarning og‘irini yengil qilmasa, har qanday natija faqat qog‘ozdagi raqam bo‘lib qoladi”, dedi Prezident.

Yig‘ilishda hudud va tarmoq rahbarlarining olti oylik rejalari ijrosi tanqidiy tahlil qilindi. Ayrim hududlarda yalpi hududiy mahsulot, qurilish, investitsiya, sanoat va eksport bo‘yicha mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmagani qayd etildi. Oylik, choraklik va yillik rejalarni bajarmagan rahbarlarga nisbatan mas’uliyat kuchaytirilishi belgilandi.

Mahallalardagi ishlarni yangi tizim asosida tashkil etish maqsadida “Dolzarb 40 kunlik” e’lon qilindi. Ushbu davrda 2 mingta eng og‘ir mahallada ishlarni yangi yondashuv asosida yo‘lga qo‘yish boshlandi. Hokimlar mazkur mahallalarda elekt energiyasi, gaz, yo‘l va ichimlik suvi bilan bog‘liq masalalarni hal qilishga shaxsan javobgar bo‘ladi.

Bandlik tizimi ehtiyojmand aholini kasbga o‘qitish, ishga joylashtirish va daromadini oshirishga yo‘naltiriladi. Banklar hamda mahalla uyushmalari faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, keyingi uch oy ular uchun amaliy attestatsiya davri bo‘lishi belgilandi.

Yig‘ilishda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va biznes muhitini yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, ayni paytda 51 ta vazirlik va idorada 322 ta yo‘nalish bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llash vakolati mavjud. 2024–2026 yillarda qariyb 3 trillion so‘mlik jarima qo‘llangan.

Prezident jazo qo‘llovchi idoralar tadbirkorni darhol jarimaga tortish emas, avval unga imkoniyat berish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishni o‘rganishi kerakligini ta’kidladi. Barcha vazirlik va idoralarga tizimdagi byurokratiya, ortiqcha jarima, to‘lov va yig‘imlarni qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Sanoat va eksport sohasida ham ayrim kamchiliklar tanqid qilindi. Natija ko‘rsatmagan hokimlar faoliyatini ko‘rib chiqish, to‘qqiz oy yakuniga qadar ijobiy o‘zgarish bo‘lmasa, mas’ul rahbarlarga nisbatan qat’iy chora ko‘rish bo‘yicha topshiriq berildi.

Strategik korxonalar faoliyati tahlilida ayrim yirik korxonalarda mahsulot tannarxi oshgani, energetika tarmoqlarida esa yo‘qotishlar yuqoriligi qayd etildi. Yirik kompaniyalarning bozor qiymatini oshirish, ularni IPO jarayonlariga tayyorlash va tashqi investorlar uchun jozibadorligini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Soliq tushumlari yil boshidan 27 foizga ko‘payib, 130 trillion so‘mdan oshgan. Biroq qo‘shimcha tushumlar bo‘yicha yillik rejaning yetarli darajada bajarilmayotgani tanqid qilindi.

Ishlamay turgan korxonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha ham vazifalar belgilandi. Xususan, ayrim to‘qimachilik korxonalarining ishlamayotgani oqibatida 5 trillion so‘mlik mahsulot va 400 million dollarlik eksport imkoniyati boy berilayotgani aytildi.

Yil boshidan 57 ta tarmoq va 76 ta hududiy korxona ishlab chiqarish hajmini 11 trillion so‘mga kamaytirgani ham tanqid qilindi. Mas’ullarga ishlamayotgan korxonalarni birma-bir tahlil qilib, ularning faoliyatini tiklash topshirildi.

Yangi xususiylashtirish dasturi doirasida 100 trillion so‘mlik ko‘chmas mulk, yer maydonlari va davlat ulushlarini savdoga chiqarish, davlat aktivlarini xarid qilgan tadbirkorlar uchun to‘lov shartlarini yengillashtirish belgilandi.
So‘nggi uch yilda 11 milliard dollarlik 509 ta eksportbop quvvat ishga tushirilgan.

Biroq ularning 208 tasi hali eksportga chiqmagan. Ushbu korxonalar mahsulotining kamida 30–40 foizini tashqi bozorlarga yo‘naltirish orqali qo‘shimcha 1,5–2 milliard dollar valyuta tushumini ta’minlash mumkinligi qayd etildi.

47 ta maxsus iqtisodiy zonaning 29 tasida yil boshidan buyon umuman eksport amalga oshirilmagani ham tanqid qilindi. Eksportga chiqmagan korxonalar va maxsus iqtisodiy zonalarda sertifikat, aylanma mablag‘, bozor va logistika bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal qilish uchun “tezkor brigadalar” tashkil etiladi.

Mahalliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish masalasi ham muhokama qilindi. So‘nggi ikki yilda bu yo‘nalishda 15,5 milliard so‘mlik moliyaviy yordam ko‘rsatilgan. Biroq o‘z brendini ro‘yxatdan o‘tkazgan mahalliy korxonalarning uchdan biri hali eksportga chiqmagan. Shu bois mahalliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqish, ularni demping va kontrafakt mahsulotlardan himoya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Tashqi savdo yuklarining 70 foizi temir yo‘l orqali tashilayotgani, biroq vagonlar yetishmasligi va ayrim temir yo‘l yo‘nalishlarida yuklamalar yuqoriligi logistikada qiyinchiliklar keltirib chiqarayotgani aytildi.

Mas’ullarga qo‘shimcha vagonlarni jalb qilish hamda temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun Jahon bankidan 200 million dollar mablag‘ jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishish topshirildi.

Oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar ijrosi ham ko‘rib chiqildi. So‘nggi yillarda 52 ta tashrif davomida 213 milliard dollarlik 1 ming 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Endi ushbu “yo‘l xaritalari” ijrosi Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan qat’iy nazorat qilinadi.

Inflyatsiyani jilovlash va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Go‘sht narxi oshishi munosabati bilan import go‘shtni samolyotda tashish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard so‘m ajratilgani aytildi.

Chorvachilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mablag‘lar yo‘naltiriladi. Yil yakuniga qadar xorijdan 100 ming bosh qoramol va 150 ming bosh qo‘y-echki olib kelish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, meva-sabzavot va kartoshka zaxirasini shakllantirish, sovitkichli omborlar qurish bo‘yicha ham topshiriqlar berildi. Yil yakuniga qadar 87 ming tonna sig‘imga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish belgilandi.

Davlat rahbari global iqtisodiyotdagi noaniqliklar qancha davom etishini hech kim oldindan ayta olmasligini ta’kidladi. Asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollikning sekinlashishi mahalliy korxonalar, ayniqsa, eksportchilarga ta’sir qilishi mumkinligi qayd etildi.

Shu sababli barcha rahbarlar har qanday xavf-xatarni hisobga olgan holda mavjud zaxiralarni safarbar qilishga tayyor bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. Tarmoq va hududlarga biriktirilgan “aql markazlari” bilan birgalikda 15 avgustga qadar ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqiladi.

Ushbu takliflar “resurs – infratuzilma – loyiha – ishlab chiqarish – byudjetga tushum – eksport” zanjirini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi. 2027 yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, byudjet, investitsiya va eksport dasturlari “safarbarlik ssenariysi” asosida tayyorlanadi.

Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlarning hisobotlari, shuningdek, belgilangan topshiriqlar ijrosini joylarda tashkil etish bo‘yicha rejalari tinglandi.

    Boshqa yangiliklar

    O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga o‘sdi: Prezident yil yakuniga qadargi ustuvor vazifalarni belgilab berdi - Darakchi.uz