AsosiyJAMIYAT

Oltita mundialda qaydnomadan joy olgan Gilermo Ochoa faoliyatini yakunladi

Ochoa Jahon chempionatlarida jami 12 ta uchrashuv o'tkazib, ularning 5 tasida o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.

'Oltita mundialda qaydnomadan joy olgan Gilermo Ochoa faoliyatini yakunladi'ning rasmi

Meksika terma jamoasining afsonaviy darvozaboni Gilermo Ochoa professional futbolchilik faoliyatini yakunlashga qaror qildi. 41 yoshli futbolchi bu haqda ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali ma'lum qildi.

"Bu orzu meni qanchalik uzoqqa olib borishini hech qachon tasavvur ham qilmagan edim. Bugun esa ortimga faxr bilan nazar tashlab, oilamga, jamoadoshlarimga va har bir qadamda meni qo'llab-quvvatlagan barcha muxlislarga minnatdorlik bildirishim mumkin. Men millionlab insonlarning mehri va Meksika uchun borimni berganimga bo'lgan ishonchni o'zim bilan olib ketaman. Biz birgalikda boshdan kechirgan lahzalarni hech kim bizdan tortib ololmaydi. Barchasi uchun chin qalbimdan rahmat", deb yozdi Ochoa.

Gilermo Ochoa tarixda 6 ta Jahon chempionati uchun qaydnomadan joy olgan 3 nafar futbolchidan biri hisoblanadi. Biroq u musobaqaning faqat 4 tasida — 2014, 2018, 2022 va 2026 yillarda maydonga tushgan. Darvozabon 2006 va 2010 yillardagi turnirlarda ham Meksika terma jamoasi tarkibida bo'lgan, ammo birorta uchrashuvda ishtirok etmagan.

Ochoa Jahon chempionatlarida jami 12 ta uchrashuv o'tkazib, ularning 5 tasida o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.

U Meksika milliy terma jamoasi safida 154 ta o'yinda maydonga tushgan. Shuningdek, darvozabon 6 marta KONKAKAF Oltin kubogida g'olib chiqqan va 2021 yil Tokioda o'tkazilgan Olimpiadada bronza medalini qo'lga kiritgan.

2025 yildan buyon Kiprning "AEL" klubi sharafini himoya qilib kelgan Ochoa faoliyati davomida Meksikaning "Amerika", Ispaniyaning "Malaga" va "Granada", Italiyaning "Salernitana", Portugaliyaning "AVS", Fransiyaning "Ayaccio" hamda Belgiyaning "Standard" klublarida to'p surgan.

    Boshqa yangiliklar