Ispaniya va Argentina terma jamoalari o'rtasidagi Jahon chempionati finalini AQShda 62,8 million tomoshabin kuzatdi. Bu mamlakat tarixida futbol translyatsiyalari bo'yicha yangi rekord bo'ldi.
"Axios" nashri ma'lumotiga ko'ra, "Fox Sports" telekanali orqali uchrashuvni qariyb 39 million kishi tomosha qilgan. Bu 2022 yil Qatarda o'tkazilgan Jahon chempionati finali auditoriyasiga nisbatan 132 foizga ko'p.
Yana qariyb 24 million tomoshabin finalni ispan tilida efirga uzatgan "Telemundo" telekanali orqali kuzatgan. Bu ko'rsatkich Qatardagi Jahon chempionati finaliga nisbatan 50 foizdan ziyod o'sgan.
Nashrga ko'ra, rekord darajadagi auditoriya AQShda futbolga qiziqish ortib borayotganini ko'rsatadi. Shuningdek, bu kelgusida yirik futbol musobaqalarining translyatsiya huquqlari narxi oshishiga olib kelishi mumkin.
Taqqoslash uchun, 2006 yil Germaniyada o'tkazilgan Italiya va Fransiya o'rtasidagi Jahon chempionati finalini AQShda 17 million kishi tomosha qilgan. Bu 2026 yilgi mundial finali auditoriyasidan qariyb 4 baravar kam.
Eslatib o'tamiz, Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksikada bo'lib o'tdi. Turnirda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etdi. Musobaqa yakunida Ispaniya terma jamoasi chempionlikni qo'lga kiritdi.






