Farg‘ona viloyatining Quva tumani hokimi X. Umarov fermerni haqorat qilgani uchun intizomiy javobgarlikka tortildi. Unga hayfsan jazosi berilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ijtimoiy tarmoqlarda hokimning fermerlar bilan uchrashuvi vaqtida davlat fuqarolik xizmatchisining odob-axloq qoidalariga zid xatti-harakatlari aks etgan video tarqalgan. U jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘lgan.
Shundan so‘ng Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z vakolati doirasida Farg‘ona viloyati hokimligiga holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazish va unga huquqiy baho berish bo‘yicha taqdimnoma kiritgan.
Taqdimnoma natijalariga ko‘ra, Quva tumani hokimi X. Umarovga nisbatan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llanilgan.
"Agentlik tomonidan davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, davlat xizmatida yuksak kasbiy va axloqiy standartlarni qaror toptirish hamda qonun buzilishi holatlariga nisbatan javobgarlik muqarrarligini ta’minlash ishlari izchil davom ettiriladi", deyiladi xabarda.






