Toshkent shahrida tadbirkordan 360 ming dollar talab qilgan, avval firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs 30 ming dollarni olayotgan vaqtda ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan.
Tadbir davomida 1977 yilda tug‘ilgan, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs mahalliy tadbirkordan 30 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Aniqlanishicha, tadbirkor Chilonzor tumanidagi 37 sotix yer maydonida nodavlat umumta’lim va maktabgacha ta’lim muassasalarini qurishni rejalashtirgan.
Gumonlanuvchi bu haqda xabar topib, shaxsiy boylik orttirish maqsadida tadbirkordan 360 ming dollar talab qilgan. U aholi va turli tashkilotlar orqali qurilish jarayonlariga to‘sqinlik qilishini aytgan. Shuningdek, o‘zini go‘yo qurilish ishlarini amalga oshirayotgandek ko‘rsatib, fuqarolarni "tinchlantirish" evaziga pul talab qilgan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.






