Toshkent–Samarqand yo'nalishidagi yangi avtomobil yo'li hududlarda iqtisodiy faollikni yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda. Jahon banki tahlillariga ko'ra, bunday loyihalarga sarflangan har bir dollar investitsiya iqtisodiyotga 5 baravargacha qaytishi mumkin.
Yangi magistral Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarining yalpi hududiy mahsuloti 3 foizga oshishiga turtki beradi. Yo'l o'tadigan, jami 2 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladigan 13 ta tumanda minglab ish o'rinlari va yangi daromad manbalari paydo bo'ladi.
Avtomagistral bo'yida logistika markazlari, omborlar, sanoat va agrosanoat korxonalari, savdo-servis, mehmonxona hamda turizm obyektlari barpo etiladi.
Qurilish jarayonida mahalliy xizmatlar va qurilish materiallaridan keng foydalanilishi tadbirkorlar uchun yirik buyurtmalar va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva–Urganch avtomobil yo'li qurilishi boshlangani, Toshkent–Andijon yo'li bo'yicha xalqaro tender yakunlanish arafasida ekani hamda Toshkentni Bo'stonliq bilan bog'laydigan avtomobil yo'lini loyihalash ishlari yakuniga yetkazilayotganini qayd etdi.
"Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik to'yi arafasida mamlakatimiz kelajagi, iqtisodiy barqarorligi va xalqimiz farovonligi uchun yana bir mustahkam poydevor qo'ymoqdamiz", dedi Prezident.
Shundan so'ng davlat rahbari maxsus kapsula qo'yib, yangi avtomagistral qurilishini boshlab berdi.






