Gretsiya hukumati Isroilda ishlab chiqarilgan havo va raketa mudofaasi tizimlarini xarid qilish uchun qiymati 3 milliard yevro bo‘lgan shartnomani ma’qullashi kutilmoqda. Mazkur loyiha mamlakatning "Axilles qalqoni" deb nomlangan integratsiyalashgan mudofaa tarmog‘ining asosini tashkil etadi.
Ma’lum qilinishicha, tizimga Isroilning "Barak MX", "David's Sling" va "SPYDER" havo mudofaasi komplekslari kiritiladi. Ular Gretsiyaning F-35 qiruvchi samolyotlari, modernizatsiya qilingan F-16 Viper samolyotlari, "Belharra" fregatlari va "Patriot" tizimlari bilan yagona qo‘mondonlik tarmog‘iga birlashtiriladi.
Yangi mudofaa tarmog‘i samolyotlar, ballistik raketalar, dronlar, qanotli raketalar va boshqa zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishga mo‘ljallangan.
"Axilles qalqoni" dasturi Gretsiyaning so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik harbiy modernizatsiya loyihalaridan biri bo‘lishi mumkin. U mamlakat hududi va orollaridagi harbiy ob’ektlar, aholi punktlari, energetika inshootlari hamda boshqa muhim infratuzilmani himoya qilishga qaratilgan.






