Toshkent viloyatida A-373 avtomobil yo‘li va Toshkent katta halqa yo‘li kesishmasida zamonaviy yo‘l o‘tkazgich barpo etildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi davomida mazkur inshootni ko‘zdan kechirdi.
Qiymati 240 milliard so‘m bo‘lgan loyiha Bektenir va O‘rta Chirchiq tumanlari tutashgan hududda 14,1 gektar maydonda amalga oshirilgan.
Loyiha doirasida uzunligi 66 metr, kengligi 46 metr bo‘lgan ko‘prik, 450 metrlik er osti avtomobil yo‘li, ikkita ortga qayrilish yo‘lagi, to‘rtta er osti piyodalar o‘tish yo‘lagi va 950 metrlik aylana halqa yo‘li qurilgan.
Shuningdek, 9,5 kilometr piyoda va veloyo‘laklar, 8 ta jamoat transporti bekati, 240 ta tashqi yoritish chirog‘i hamda 6 kilometr yo‘l to‘siqlari barpo etilgan.
Yangi yo‘l o‘tkazgich transport oqimini samarali tashkil etish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va tirbandliklarni kamaytirishga xizmat qiladi. Shuningdek, Toshkent shahri bilan Nurafshon o‘rtasidagi qatnov vaqtini 10–15 daqiqaga qisqartirish imkonini beradi.
Ob’ekt ishga tushirilishi natijasida yo‘nalishning kunlik o‘tkazuvchanlik quvvati bir necha baravarga oshib, 130 mingta avtotransport vositasiga etadi.
Shuningdek, kelgusida Toshkent–Nurafshon yo‘nalishida tezyurar avtobuslar tizimi — BRTni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.






