Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Nurafshon shahridagi "Cyber University" davlat universiteti faoliyati bilan tanishdi va universitet hududiga tutash joyda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga start berdi.
"Oʻzbekiston – 2030" strategiyasida mamlakatni mintaqaviy IT-xabga aylantirish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shu maqsadda davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash hamda innovatsion ekotizimni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
2025 yil 20 yanvardagi Prezident qarori asosida tashkil etilgan "Cyber University" axborot va kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt va robototexnika, kiberhuquq, raqamli kriminalistika hamda kiberiqtisodiyot yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlaydi.
Ayni paytda universitetda 2 ta fakultet va 4 ta kafedra faoliyat yuritib, 8 ta bakalavriat hamda 2 ta magistratura yoʻnalishida qariyb 1 ming nafar talaba tahsil olmoqda.
Oliygohda 1 ming 585 oʻrinli oʻquv binosi, 805 oʻrinli talabalar turar joyi, sport majmualari, oshxona va axborot-resurs markazi tashkil etilgan.
Prezident universitetda tahsil olayotgan yoshlar bilan muloqot qildi.
"Kelajakda sizdek mutaxassislarga ehtiyoj yanada oshadi. Har bir soha va har bir hudud raqamli texnologiyalar bilan hamohang rivojlanmasa, mamlakat taraqqiy etmaydi. Shuning uchun sizlar oʻz ustingizda tinimsiz ishlab, eng zamonaviy bilimlarni egallashingiz kerak", dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan soʻng davlat rahbari universitetga tutash hududda barpo etiladigan Kelajak texnologiyalari markazi qurilishiga tamal toshi qoʻyish marosimida ishtirok etdi.
Umumiy maydoni 36 gektar boʻlgan markaz qurilishiga qariyb 500 million dollar investitsiya jalb qilinadi. Majmua taʼlim, ilmiy-tadqiqot, texnologik sinov va ishlab chiqarish jarayonlarini birlashtirgan yagona innovatsion ekotizimga aylanishi kutilmoqda.
Markazda kiberxavfsizlik, sunʼiy intellekt, bulutli texnologiyalar va kriptografiya yoʻnalishlarida 6 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etiladi. Shuningdek, sunʼiy intellekt data-markazi, muhandislik klasteri, himoyalangan kompyuter va maʼlumot uzatish qurilmalari, yuqori texnologik tokenlar ishlab chiqarish markazi barpo etiladi.
Uchuvchisiz dronlar va robototexnika vositalarini sinovdan oʻtkazish uchun maxsus poligon tashkil etiladi. Osiyo taraqqiyot banki koʻmagida mahalliy texnologiyalarni tijoratlashtirish va milliy mahsulotlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish platformasi ham yaratiladi.
Kelajak texnologiyalari markazida 5 mingdan ziyod yuqori malakali ish oʻrni tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Marosimda Xitoy, Rossiya va Germaniya kompaniyalari ishtirokida umumiy qiymati 465 million dollar boʻlgan 9 ta yangi loyihani amalga oshirish ishlariga ham start berildi. Ushbu loyihalar natijasida yana 5 mingta ish oʻrni yaratiladi.
Shuningdek, Nurafshon va Chirchiq shaharlarida zamonaviy IT-park binolari qurilishi boshlanadi.
Qayd etilishicha, 2026 yilda Toshkent viloyatining raqamli xizmatlar eksporti ilk bor 50 million dollarga yetishi kutilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Kelajak texnologiyalari markazini Toshkent viloyatining sunʼiy intellekt va raqamlashtirish markaziga, yoshlarning bilim va salohiyatini roʻyobga chiqaradigan zamonaviy majmuaga aylantirish muhimligini taʼkidladi.






