AsosiyDUNYO

AQSh Eronni bombardimon qilishda davom etmoqda

Eron Sog'liqni saqlash vazirligi vakili ma'lum qilishicha, AQShning so'nggi zarbalari oqibatida 50 nafar tinch aholi halok bo'lgan, 500 kishi yaralangan.

'AQSh Eronni bombardimon qilishda davom etmoqda'ning rasmi

AQSh harbiylari Prezident Donald Trampning ko'rsatmasiga muvofiq Eronga qarshi navbatdagi zarbalarni amalga oshirdi. Shu tariqa Eronga qarshi hujumlar ketma-ket 12-kecha davom etdi. Bu haqda 23 iyul kuni AQSh Markaziy qo'mondonligi (CENTCOM) ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, so'nggi zarbalar davomida Eronning dengizdagi harbiy salohiyati, raketa va dronlar saqlanadigan omborlari, sohil kuzatuv nuqtalari hamda havo mudofaa tizimlari nishonga olingan.

Bayonotda aytilishicha, iyul oyi davomida AQSh Qurolli kuchlari Eron hududidagi o'nlab harbiy ob'ektlarga zarba bergan. Shuningdek, dengizda Eronga qarshi blokada qayta tiklangan. Harbiylar so'nggi zarbalar taxminan 5 soat davom etganini bildirgan.

Eron Sog'liqni saqlash vazirligi vakili ma'lum qilishicha, AQShning so'nggi zarbalari oqibatida 50 nafar tinch aholi halok bo'lgan, 500 kishi yaralangan. So'nggi kunlarda urushda halok bo'lgan AQSh harbiylari soni esa 18 nafarga etgan.

Shuningdek, AQSh Prezidenti Donald Tramp 22 iyul kuni Eron Hormuz bo'g'ozidagi kemalarga har safar o'q uzganida, AQSh Erondagi kamida bitta ko'prik yoki elektr stansiyasini yo'q qilishini aytgan.

Eron Qurolli kuchlari qo'shma qo'mondonligi esa davlat OAV orqali tarqatilgan bayonotda, agar ushbu tahdid amalga oshirilsa, Eron mintaqadagi neft, gaz, elektr energetikasi va boshqa iqtisodiy infratuzilma ob'ektlariga zarba berishini ma'lum qilgan.

O'tgan hafta AQSh Prezidenti Donald Tramp dam olish kunlari amerikalik harbiylar halok bo'lganidan keyin Erondan qasos olishga va'da bergan. So'nggi bir hafta davomida Tramp Eronda nishonga olinadigan ob'ektlar ro'yxatini energetika inshootlari va ko'priklar hisobiga kengaytirish bilan tahdid qilib kelmoqda.

Ma'lumot uchun, 1949 yilda qabul qilingan Jeneva konvensiyalariga ko'ra, urush paytida aholi hayoti uchun muhim bo'lgan fuqarolik ob'ektlariga hujum qilish taqiqlanadi. Xalqaro huquq bo'yicha amerikalik ekspertlar Trampning bunday ob'ektlarga zarba berish haqidagi avvalgi tahdidlari xalqaro huquq nuqtai nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligini bildirgan.

Qayd etish joizki, urush davomida AQSh va Isroilning Eronga, shuningdek, Isroilning Livanga bergan zarbalari oqibatida minglab odamlar halok bo'lgan, millionlab kishi esa o'z uyini tark etishga majbur bo'lgan. Mojaro neft narxlarining oshishi va jahon moliya bozorlarida beqarorlikka sabab bo'lmoqda.

    Boshqa yangiliklar