Majburiy ijro byurosi mazkur holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Ma'lum qilinishicha, Majburiy ijro byurosining Olmazor tuman bo'limi ish yurituvida tugatilgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan 126 ta ijro hujjati bo'yicha jami 13,6 milliard so'mlik qarzdorlikni undirish hamda 28 nafar sobiq xodimni ishga tiklash haqidagi sud qarorlari mavjud.
Prezidentning PF-162-sonli farmoniga ko'ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tugatilib, uning huquqiy vorisi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil etilgan. Shu munosabat bilan davlat ijrochisi qarzdorlikni undirish va xodimlarni ishga tiklash majburiyatini yangi Agentlik zimmasiga yuklash haqida qaror qabul qilgan.
Biroq Migratsiya agentligi mazkur qarordan norozi bo'lib, sudga murojaat qilgan. Natijada Toshkent shahar ma'muriy sudining 2025 yil 9 sentyabrdagi ajrimi bilan Majburiy ijro byurosining qarzdorlikni yangi Agentlikka o'tkazish haqidagi qarorlari bekor qilingan. Shahar prokuraturasi tomonidan kiritilgan protest ham sudning taftish instansiyasi tomonidan rad etilgan.
Shu tariqa, amaldagi sud qarorlari Majburiy ijro byurosining yangi Migratsiya agentligidan pul undirishi va sobiq xodimlarni ishga tiklashiqa huquqiy to'siq bo'lib turibdi.
Yuzaga kelgan huquqiy mavhumlikni bartaraf etish va sud qarorlarini ijro etish mexanizmini aniqlash maqsadida Majburiy ijro byurosi 2026 yil 4 iyun kuni Fuqarolik ishlari bo'yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga murojaat qilgan. Byuro suddan qarorlarni ijro etish tartibini tushuntirib berishni so'ragan.
Majburiy ijro byurosi ma'lum qilishicha, keyingi ijro harakatlari sudning tegishli ko'rsatmasi va aniq tushuntirishi olinganidan so'ng qonunchilikda belgilangan tartibda davom ettiriladi.






