Toshkent shahrida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullangan Ukraina fuqarolari qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, "Xavfsiz va sog‘lom yurt" tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida 2026 yil 12 iyun kuni O‘zbekistonga kelgan, 1994, 1997 va 2001 yillarda tug‘ilgan uch nafar Ukraina fuqarosining Yashnobod tumanida vaqtincha istiqomat qilayotgan ikki xonadoni holislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruvlar davomida poytaxtning turli manzillarida "zadka" usulida tarqatish uchun kichik bo‘laklarga ajratib, tayyorlab qo‘yilgan narkotik moddalar aniqlangan.
Ekspertiza natijasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar hasish, mefedron va alfa-PVP ekani aniqlangan. Ularning umumiy og‘irligi 1 kilogramm 945 grammni tashkil etgan.
Shuningdek, internet-narkodokon tashkilotchilari tomonidan mazkur xorij fuqarolariga keyinchalik qayta qadoqlab, poytaxt hududida tarqatish uchun yashirin joyda qoldirilgan 460 gramm mefedron va alfa-PVP ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi "a" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.






