Tovlamachilik va boshqa og‘ir jinoyatlarda gumonlanayotgan, xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Misr Arab Respublikasidan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qidiruvdagi shaxs O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgan. Interpol doirasida o‘tkazilgan tadbirlar davomida uning Misr hududida ekani aniqlangan. Shundan so‘ng Misrning vakolatli organlari mazkur shaxsni qo‘lga olgan.
Keyinchalik O‘zbekiston tomoni Misrga ekstraditsiya so‘rovini yuborgan. Mazkur so‘rov ko‘rib chiqilgach, Misr hukumati qidiruvdagi shaxsni O‘zbekistonga topshirish haqida qaror qabul qilgan.
Barcha xalqaro-huquqiy tartib-taomillar yakunlanganidan so‘ng u Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirilib, jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonga olib kelingan.
"O‘zbekiston Respublikasidagi Interpol Milliy markaziy byurosi yashirinib yurgan jinoyatchilarning turgan joyini aniqlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda qidiruvdagi shaxslar qaysi mamlakatda ekanidan qat’i nazar, jazoning muqarrarligi tamoyilini ta’minlash borasidagi tizimli ishlarni davom ettiradi", deyiladi xabarda.






