AsosiyJAMIYAT

Migratsiya agentligidan 13,6 mlrd so‘mlik ish haqi, qarzdorlik va davlat boji undiriladi

Majburiy ijro byurosi ma'lumotiga ko'ra, ayni paytda qarzdor tomonidan jami 126 ta ijro hujjati bo'yicha 13,6 milliard so'mlik majburiyatlar bajarilmagan.

'Migratsiya agentligidan 13,6 mlrd so‘mlik ish haqi, qarzdorlik va davlat boji undiriladi'ning rasmi

Migratsiya agentligidan sobiq xodimlarga to‘lanishi lozim bo‘lgan ish haqi, qarzdorlik hamda davlat boji sifatida jami 13,6 milliard so‘m undirilishi kerak. Shuningdek, 28 nafar fuqaroni ishga tiklash bo‘yicha sud qarorlari ham mavjud. Bu haqda Majburiy ijro byurosi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosining Olmazor tuman bo‘limi ish yurituvida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning ijro hujjatlari asosida qarzdor Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga nisbatan 126 ta ijro hujjati mavjud.

Ularning:

– 39 tasi 294 million so‘mlik davlat bojini undirish;

– 59 tasi 13,3 milliard so‘mlik ish haqi, ma’naviy zarar, majburiy progul va kompensatsiya to‘lovlarini undirish;

– 28 tasi fuqarolarni ishga tiklash bilan bog‘liq ijro hujjatlaridan iborat.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi 2024 yil oktyabr oyida tugatilib, Vazirlar Mahkamasi huzurida Migratsiya agentligi tashkil etilgan. Prezidentning tegishli farmoniga muvofiq, yangi Migratsiya agentligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining huquq va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi.

Biroq Migratsiya agentligi sud qarorlarini uzoq vaqt davomida ijro etmagan. Xususan, ishga tiklash va ish haqini undirish haqidagi ijro hujjatlari talablari qonunchilikda belgilangan muddatlarda bajarilmagan.

Migratsiya agentligi 14 ta ijro hujjati bo‘yicha davlat ijrochisining harakatlaridan norozi bo‘lib, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sud davlat ijrochisi qarorlarini o‘z kuchida qoldirgan.

Majburiy ijro byurosi ma’lumotiga ko‘ra, ayni paytda qarzdor tomonidan jami 126 ta ijro hujjati bo‘yicha 13,6 milliard so‘mlik majburiyatlar bajarilmagan.

Shu munosabat bilan 2026 yil 4 iyul kuni Majburiy ijro byurosi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga murojaat qilgan. Murojaatda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib amalga oshirish, shuningdek, ularni ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirish masalalari yuzasidan tushuntirish so‘ralgan.

Keyingi ijro harakatlari sudning tegishli ko‘rsatmasi asosida amalga oshiriladi.

    Boshqa yangiliklar