Tojikistonda 23 yoshli Mehrona Noibovaning o'limi bilan bog'liq jinoyat ishi doirasida mamlakat Bosh prokuraturasining sobiq katta tergovchisi Firuz Saidzoda qo'lga olindi. Bu haqda Tojikiston Bosh prokurori Habibullo Vohidzoda 22 iyul kuni bo'lib o'tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.
Qayd etilishicha, Saidzoda prokuratura organlaridan bo'shatilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 109-moddasi 1-qismi, ya'ni "o'z joniga qasd qilishga yetkazish" moddasi bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Mazkur modda 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutadi.
"U qo'lga olingan va hozir qamoqda", degan Bosh prokuror.
Shu bilan birga, voqea vaqtida Mehrona Noibova va Firuz Saidzoda bilan birga bo'lgan yana bir prokuratura xodimi — Davlat Arabzodaga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilmagan. Vohidzodaning so'zlariga ko'ra, Arabzoda Darvoz tumaniga safar davomida ularga haydovchilik qilgan.
Tergovning boshqa tafsilotlari, xususan, Saidzodaning aynan qanday harakatlari uni "o'z joniga qasd qilishga yetkazish" moddasi bilan javobgarlikka tortishga asos bo'lgani oshkor etilmagan.
Mehrona Noibova 2026 yil 4 aprel kuni Tojikistonning Tog'li Badaxshon muxtor viloyatidagi Darvoz tumanida joylashgan "Chorchaman" dam olish maskanida bo'lgan. Uning jasadi 7 aprel kuni Panj daryosi sohilidan topilgan.
Rasmiy talqinga ko'ra, Mehrona o'z joniga qasd qilgan. Biroq marhumning yaqinlari bu versiyaga ishonmasligini bildirib, voqeani xolis va to'liq tergov qilishni talab qilgan.
Mehrona halok bo'lishidan oldin uning yonida prokuratura xodimlari bo'lgani ishga jamoatchilik e'tiborini yanada kuchaytirgan. Yaqinlari bir necha oy davomida voqeaning barcha holatlarini aniqlash va aybdorlarni qonun doirasida javobgarlikka tortishni talab qilib kelgan.






