Wildberries kompaniyasi Ukraina dronlari hujumlari oqibatida zarar ko‘rgan sotuvchilarga kompensatsiya to‘lashni boshladi. Bu haqda marketpleys egasi Tatyana Kim ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Moskva viloyatining Elektrostal shahridagi omborda tovarlari shikastlangan sotuvchilar pul o‘tkazmalarini bir sutka ichida olishi mumkin. Kompaniya, avvalo, soni 88 mingdan ortiq bo‘lgan kichik va himoyasiz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirgan.
Shuningdek, Wildberries "sotuvlar simulyatori"ni ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra, sotuvchilar yo‘qotilgan tovarlari ombordan odatdagidek sotilgandek, mablag‘larni bosqichma-bosqich olib boradi.
Yirik sotuvchilar uchun esa kompaniya maxsus shartlarda kreditlash sxemasini taklif qilmoqda.
Biroq dastlabki to‘lovlar amalga oshirilganidan bir necha soat o‘tib, ayrim sotuvchilar kompensatsiya miqdoridan norozi bo‘lgan. Tadbirkorlar Wildberries ularga yo‘qotilgan tovarlar qiymatidan ancha kam mablag‘ to‘laganini bildirgan.
Kompaniya esa to‘lovlar bir necha transhda amalga oshirilishini ma’lum qilgan.
Wildberries'dagi manbaga ko‘ra, birinchi transhlar sotuvchilar zarar ko‘rgan tovarlarini to‘liq sotish orqali ishlab topishi mumkin bo‘lgan mablag‘ning taxminan 10–15 foizini tashkil etgan. Ta’kidlanishicha, bu to‘lovlar kompaniya tomonidan ixtiyoriy ravishda amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, Wildberries rasman dronlar hujumlari oqibatida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Kompaniya 7 iyul kuni oferta shartlariga o‘zgartirish kiritib, dronlar hujumini fors-major holatlari qatoriga qo‘shgan. Bu esa kompaniyani tovarlar qiymatini qoplash majburiyatidan ozod qiladi.
Milliardlab rubllik tovarlar yo‘q qilingan
So‘haviy nashrlar ekspertlarining baholashicha, Moskva va Tambov viloyatlaridagi Wildberries omborlarida 150–235 milliard rubllik tovarlar saqlangan bo‘lishi mumkin.
Ukraina hujumlari oqibatida kompaniyaning kamida to‘rtta logistika markazi zarar ko‘rgan. 19 iyul kuni Moskva va Tambov viloyatlaridagi logistika markazlari, 22 iyul kuni esa Krasnodar va Stavropol o‘lkasidagi omborlar hujumga uchragan.
Hujumlar oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, bir necha o‘nlab odamlar jarohatlangan.






