Buxoro shahrida fuqaroni Umra ziyoratiga yuborishni va’da qilib, undan 1500 AQSH dollari talab qilgan shaxs ushlandi. Bu haqda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan mas’uliyati cheklangan jamiyatning Buxoro shahridagi filialida operator bo‘lib ishlagan, 2004 yilda tug‘ilgan shaxs Umra ziyoratiga borishni rejalashtirgan fuqarolarning ishonchiga kirib, ulardan pul olishni maqsad qilgan.
U tegishli vakolatga ega bo‘lmagan holda Buxoro shahrida yashovchi ayolga etti kunlik Umra safarini tashkil qilib berishini aytgan va buning evaziga 1500 AQSH dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi o‘zi ishlaydigan ofisda oldindan maxsus ishlov berilgan 1500 AQSH dollari hamda 850 ming so‘m pul mablag‘larini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.






