AQSh harbiylari Eronga qarshi navbatdagi zarbalarni amalga oshirdi. Shu tariqa Vashingtonning Tehronga qarshi hujumlari ketma-ket 13-kecha davom etdi. Bu haqda AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, 23 iyul oqshomida amalga oshirilgan so‘nggi zarbalar ikki soatdan ortiq davom etgan. Hujumlar davomida Eronning harbiy qo‘mondonlik markazlari, dronlar saqlanadigan inshootlar, aloqa tarmoqlari, sohil kuzatuv nuqtalari hamda dengizdagi harbiy salohiyati nishonga olingan.
CENTCOM ushbu zarbalar Eronning Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan fuqarolik kemalari va tijorat dengizchiligi uchun tug‘dirayotgan xavfini kamaytirishga qaratilganini bildirgan.
AQSh Prezidenti Donald Tramp 23 iyul kuni Yamandagi husiylar Qizil dengizda Saudiya Arabistoniga tegishli ikki neft tankerini nishonga olganidan so‘ng Eron va uning husiy ittifoqchilariga qarshi “keskin harbiy jazo” qo‘llanilishini ma’lum qilgan. Tehron esa Hormuz bo‘g‘ozini yopgan.
Eron Sog‘liqni saqlash vazirligi vakiliga ko‘ra, AQShning so‘nggi zarbalari oqibatida 50 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, 500 kishi yaralangan. AQSh tomonidan esa urush davomida halok bo‘lgan harbiylar soni 18 nafarga yetgan.
Tramp Eron Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalarga har bir o‘q uzganida, AQSh Eron hududidagi kamida bitta ko‘prik yoki elektrostansiyani yo‘q qilishini aytgan.
Eron Qurolli kuchlari qo‘shma qo‘mondonligi bunday tahdid amalga oshirilgan taqdirda, mintaqadagi neft, gaz, elektroenergetikasi va boshqa iqtisodiy infratuzilma obyektlariga zarba berilishini bildirgan.
So‘nggi kunlarda AQSh Prezidenti Erondagi nishonlar ro‘yxatini energetika obyektlari va ko‘priklar hisobiga kengaytirish bilan tahdid qilib kelmoqda.
1949 yilgi Jeneva konvensiyalariga ko‘ra, urush vaqtida aholi hayoti uchun muhim bo‘lgan fuqarolik obyektlariga hujum qilish taqiqlangan. Xalqaro huquq bo‘yicha amerikalik ekspertlar Trampning bunday obyektlarga zarba berish haqidagi tahdidlari xalqaro huquq nuqtai nazaridan harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkinligini bildirgan.
Qayd etish joizki, urush davomida AQSh va Isroilning Eronga, shuningdek, Isroilning Livanga bergan zarbalari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan, millionlab kishi esa o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan. Mojaro neft narxlarining oshishi va jahon moliya bozorlarida beqarorlikka sabab bo‘lmoqda.






