AsosiyDUNYO

Eron Husiylarga harbiylar va raketalar yetkazib bergani aytilmoqda

Ushbu ma'lumotlar Eronning Husiylarni qo'llab-quvvatlayotgani haqidagi yangi dalil sifatida baholanmoqda.

'Eron Husiylarga harbiylar va raketalar yetkazib bergani aytilmoqda'ning rasmi

Eron iyul oyida Yamanga Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonlari, harbiy maslahatchilar, raketa va dron vositalarini yuborgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning mazkur harakati Husiylarning Qizil dengizdagi kemalarga tahdid solish imkoniyatini oshirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda voqeadan xabardor to‘rt manba, jumladan, Eronning ikki fuqarosi, Yaman axborot vaziri hamda mintaqaviy xavfsizlik tahlilchisi ma’lumot bergan.

Manbalarga ko‘ra, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi xodimlari va harbiy texnika 13 iyul kuni Tehron—Yaman yo‘nalishidagi aviareys orqali yetkazilgan. Eronlik ikki manba Reuters’ga ma’lum qilishicha, "Mahan Eyir" aviakompaniyasi samolyotida korpusning 10 nafardan 21 nafargacha xodimi, jumladan, yuqori lavozimdagi qo‘mondonlar bo‘lgan.

Samolyot dastlab Husiyalar nazoratidagi Yaman poytaxti Sana shahriga q‘o‘nishi kerak bo‘lgan. Biroq Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman hukumati aeroportga zarba berganidan so‘ng samolyot yo‘nalishini Qizil dengiz sohilidagi Hudayda shahriga o‘zgartirgan.

"Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonlari Husiyalar operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlash va ularga yangi raketa tizimlaridan foydalanishni o‘rgatish uchun borgan", dedi manbalardan biri.

Shuningdek, Eron Husiyalar faoliyatini moliyalashtirish uchun samolyotda oltin ham yuborgani aytilmoqda.

Ushbu ma’lumotlar Eronning Husiyalarni qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi yangi dalil sifatida baholanmoqda. Husiyalar o‘n yildan ortiq vaqtdan beri Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman hukumatiga qarshi qurolli kurash olib bormoqda. Guruh avvalroq Saudiya Arabistoni va boshqa qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar orqali hujumlar uyushtirgan.

Eron Tashqi ishlar vazirligi mazkur ma’lumotlarga munosabat bildirmagan. Rasmiy Tehron Husiyalarga raketa texnologiyalari yetkazib berayotganini bir necha bor rad etgan. Husiyalar ham Eronning vakil kuchlari ekanini inkor qilib, qurollarni o‘zlari ishlab chiqarishini bildirgan.

Yordam yetkazilganidan uch kun o‘tib, Tehron Husiyalardan Qizil dengizdagi neft tashish yo‘lini yopishga tayyor turishni so‘ragani aytilmoqda. Bu AQSh Eronning energetika infratuzilmasiga zarba bergan taqdirda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan.

20 iyul kuni Husiyalar Saudiya Arabistoniga nisbatan dengiz blokadasi e’lon qildi. Guruh bu qarorni 13 iyul kuni Sana aeroportiga berilgan zarbaga javob sifatida izohlagan. Husiyalar ushbu hujumni Saudiya Arabistoni amalga oshirgan, deb hisoblamoqda.

23 iyul kuni Husiyalar Saudiya Arabistoniga tegishli ikki neft tankeriga hujum qilganini ma’lum qildi. Bu esa mintaqadagi dengiz savdosi xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlarni yanada oshirgan.

Saudiya Arabistoni qo‘llab-quvvatlaydigan Yaman hukumati axborot vaziri Muammar al-Iryoniy 22 iyul kuni razvedka ma’lumotlariga tayanib, Eron harbiylari va harbiy texnikasi Yamanga yetkazilganini tasdiqlagan.

"Ularning vazifasi guruhning harbiy imkoniyatlarini oshirish hamda Qizil dengiz va Bob al-Mandab bo‘g‘ozida xalqaro dengiz xavfsizligiga tahdid solishga tayyorlashdan iborat", dedi u.

Ma’lum qilinishicha, yetkazilgan yuklar orasida qisqa va o‘rta masofaga uchuvchi raketalar hamda dronlar uchun ehtiyot qismlar bo‘lgan. Ushbu qurollar avval Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirliklariga qilingan hujumlarda qo‘llangan tizimlarga o‘xshashi aytilmoqda.

    Boshqa yangiliklar