"Xavfsiz va sog‘lom yurt" tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Xorazm va Namangan viloyatlarida giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qildi.
DXX, Ichki ishlar va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Xorazm viloyatining Urganch tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida muqaddam sudlangan shaxs Rossiya Federatsiyasidan taksi orqali yuborilgan jo‘natmani qabul qilib olgan vaqtida to‘xtatilgan.
Tekshiruv davomida jo‘natma ichida 10 ta shokolad qadoqlariga yashirilgan, umumiy og‘irligi 967 gramm bo‘lgan "gashish" giyohvandlik moddasi borligi aniqlangan. Ashyoviy dalillar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, DXXning Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi shaxs o‘zining yer maydonida 423 tup kannabis o‘simligini kelgusida sotish maqsadida yetishtirib kelayotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan har ikki shaxsga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






