O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Muloqot davomida Gurbanguli Berdimuhamedov O'zbekiston Prezidentini tug'ilgan kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog'lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar tiladi. Shuningdek, qardosh O'zbekiston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Turkmaniston milliy yetakchisi mamlakat Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning salomi va eng ezgu tilaklarini ham yetkazdi.
Gurbanguli Berdimuhamedov Shavkat Mirziyoyevning tinimsiz mehnati va uzoqni ko'zlab yuritayotgan siyosati tufayli O'zbekiston yangi marralarni zabt etayotgani, ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sohalarda salmoqli taraqqiyotga erishayotganini ta'kidladi.
Suhbatda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tomondar o'zaro ishonch va umumiy manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan ko'p qirrali hamkorlik sur'ati ortib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Barcha darajalarda faol muloqotlar davom ettirilayotgani, yaqinda Ashxobodda o'tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali yakunlari yuqori baholandi.
O'zaro tovar ayirboshash va yuk tashish hajmi jadal o'sib bormoqda. "Shovot-Toshovuz" savdo zonasining samarali faoliyati ham o'zaro savdo hajmini oshirishga xizmat qilayotgani ta'kidlandi.
Energetika, sanoat, qishloq va suv xo'jaligi hamda transport sohalarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Parlamentlaro, hududlaro, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, mintaqaviy kun tartibini, jumladan, joriy yil kuzida Avaza shahrida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko'rish doirasida muvofiqlashtirish va ilgari surish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.






