Toshkent shahrida tozalash xizmati xodimlari anomal issiq havoga qaramasdan ishga jalb etilgani ortidan Yakkasaroy tumani Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan ma’muriy chora qo‘llandi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi xabar berdi.
18 iyul kuni Yakkasaroy tumanidagi Shota Rustaveli ko‘chasida tozalash xizmati xodimlari havo harorati yuqori bo‘lishiga qaramasdan ishlayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan va jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan.
Mazkur holat Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan o‘rganilib, Yakkasaroy tumani Obodonlashtirish boshqarmasida mehnatni muhofaza qilish talablari buzilgani aniqlangan.
Jumladan, obodonlashtirish ishlariga jalb etilgan xodimlar uchun belgilangan tartibda xavfsiz va qulay mehnat sharoitlari yaratilmagani ma’lum bo‘lgan.
Aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi 1-qismi (mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) asosida ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llangan.
Mazkur moddaga ko‘ra, mansabdor shaxs tomonidan mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan taqdirda, BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, ya’ni 2 million 60 ming so‘mdan 4 million 120 ming so‘mgacha jarima solinishi mumkin.
Biroq Davlat mehnat inspeksiyasi xabarida Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘iga qancha miqdorda jarima solingani aniqlashtirilmagan.






