Andijon viloyati Asaka tumanida 11 yoshli o‘g‘liga Spark avtomobilini boshqarishga bergan ota ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qilishicha, voqea joriy yilning 13 iyul kuni Yangiqo‘rg‘on mahallasi hududida xizmat olib borayotgan YPH xodimlari tomonidan aniqlangan.
Tekshiruv vaqtida avtomobil rul boshqaruvida 11 yoshli bola bo‘lgani ma’lum bo‘lgan. Mashinada uning ukasi old yo‘lovchi o‘rindig‘ida, otasi esa orqa o‘rindiqda o‘tirgan.
Ota o‘g‘li Yahyobek avtomobilni boshqarib ketganini tasdiqlab, bu holat boshqa takrorlanmasligini bildirgan.
Holat yuzasidan transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsga mashina boshqaruvini topshirgan otaga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Shuningdek, reydlar davomida haydovchilik guvohnomasisiz mashina boshqargan va mast holda rulga o‘tirgan shaxslar ham aniqlangan. Ayrim holatlarda transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ma’lum qilinishicha, reydlar boshlanganidan buyon qoidabuzarliklar sabab 4 mingdan ortiq avtomobil jarima maydoniga olib kirilgan. Ular orasida haydash huquqidan mahrum etilgan shaxslarning rulga o‘tirishi, guvohnomasiz boshqarish, ruxsatsiz oyna qoraytirish va mast holda transport boshqarish holatlari ham qayd etilgan.






