Toshkent shahrida mast holatdagi 50 yoshli ayol avtobus harakatiga to‘sqinlik qildi. U yo‘lning qatnov qismiga yotib olgan. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea 25 iyul kuni soat taxminan 08:00 larda Yashnobod tumani Beshariq ko‘chasida sodir bo‘lgan. 1976 yilda tug‘ilgan E.A. ismli fuqaro mast holatda yo‘l o‘rtasiga yotib olgan.
Tarqalgan videolarda ayol yo‘lda yotgani, avtobus haydovchisi esa bir muddat to‘xtab, keyin orqaga harakatlanib uni aylanib o‘tgani aks etgan.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro bilan suhbat davomida uning spirtli ichimlik ta’sirida bo‘lgani aniqlangan. Shundan so‘ng u ichki ishlar va tibbiyot xodimlari tomonidan 4-son shahar klinik shifoxonasi huzuridagi hushyorxonaga olib borilgan.
Hozirda holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Tekshiruv yakuniga ko‘ra, qonunchilikda belgilangan tartibda qaror qabul qilinishi aytilgan.






