Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanida o‘lik itni “Damas” avtomobiliga bog‘lab sudragan haydovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 24 iyul kuni soat taxminan 13:18 da Qamashi tumani “Quyi yangi” mahallasida yashovchi T.D. “Qarshi–Shahrisabz” yo‘lida yo‘l chetida yotgan o‘lik itni ko‘rib qolgan.
Fuqaro itni o‘zining “Damas” rusumli avtomobili orqa qismiga bog‘lab, sudrab ketayotgan vaqtida yo‘lda harakatlanayotgan “Neksiya-3” haydovchisi va yo‘lovchilari holatdan norozi bo‘lib, uni to‘xtatgan va voqeaga oydinlik kiritgan.
IIB ma’lumotiga ko‘ra, T.D.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 111-moddasi bilan hujjatlar rasmiylashtirilib, ko‘rib chiqish uchun JIB Qamashi tuman sudiga yuborilgan.
Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.






