AsosiyDUNYO

Suriyada ikki avtobus to‘qnashuvida 35 kishi vafot etdi

Avtobuslardan biri Ichki xavfsizlik kuchlari xodimlarini, ikkinchisi esa tinch aholini tashiyotgan bo‘lgan.

'Suriyada ikki avtobus to‘qnashuvida 35 kishi vafot etdi'ning rasmi

Suriyada ikki avtobus to‘qnashishi oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘ldi, yana 30 nafar inson jarohat oldi. Bu haqda Al Jazeera xabar berdi.

Hodisa shanba kuni Dayr az-Zavr — Damashq yo‘lida sodir bo‘lgan. Ushbu 400 kilometrdan ortiq masofaga cho‘zilgan trassa Suriya sharqini poytaxt bilan bog‘lovchi muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Ma’lum bo‘lishicha, avariya As-Suxna va Palmyra shaharlari oralig‘ida yuz bergan. Suriya Ichki ishlar vazirligi xabar qilishicha, avtobuslardan biri Ichki xavfsizlik kuchlari xodimlarini, ikkinchisi esa tinch aholini tashiyotgan bo‘lgan.

Hodisa joyiga tez yordam mashinalari yuborilgan. Suriya arab axborot agentligi (SANA) ma’lumotiga ko‘ra, jarohatlanganlarni Xums harbiy shifoxonasiga olib borish uchun bir nechta vertolyot ham jalb etilgan.

Mutaxassislar Suriyadagi yo‘llarning xavfsizlik holati pastligini ta’kidlamoqda. Qariyb 14 yil davom etgan fuqarolik urushi mamlakat transport infratuzilmasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Suriya Favqulodda vaziyatlar va ofatlarni boshqarish vaziri Raed as-Solih ma’lum qilishicha, 2025 yil yanvar–sentyabr oylari oralig‘ida mamlakatda 2 mingdan ortiq yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. U bunday avariyalar Suriyadagi asosiy o‘lim sabablaridan biri ekanini aytgan.

    Boshqa yangiliklar

    Suriyada ikki avtobus to‘qnashuvida 35 kishi vafot etdi - Darakchi.uz