Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainadagi urushni vaqtincha to‘xtatish va “Istanbul formulasi 2.0” muzokaralariga qaytish taklifini bildirdi. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv 25 iyul kuni Rossiyaning Omsk shahrida bo‘lib o‘tgan. To‘qayev Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi nizoni hal qilish uchun diplomatik yechim izlash zarurligini ta’kidlagan.
“Balkim, bu nizoni allaqachon muzlatish va “Istanbul formulasi 2.0”ga qaytish kerakdir. Keyin esa buyuk davlatlar kafolati ostida tinchlik sari harakat qilish lozim”, — dedi To‘qayev.
U Qozog‘iston vositachi bo‘lish niyatida emasligini, ammo mojaroning davom etishi ikki davlat xalqlariga zarar yetkazayotganini qayd etdi.
To‘qayev, shuningdek, Rossiya bilan strategik hamkorlik va ittifoqchilik munosabatlariga sodiqligini bildirgan.
Qayd etilishicha, Qozog‘iston rahbari Omsk shahriga Qozog‘iston va Rossiya XXII Hududlararo hamkorlik forumida ishtirok etish uchun borgan.






