Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qaevning Ukrainadagi urushni “muzlatish” haqidagi taklifiga munosabat bildirdi.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ma’lum qilishicha, Putin To‘qaevga “maxsus harbiy operatsiya” bo‘yicha Rossiya pozitsiyasini batafsil tushuntirgan.
Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun asosiy shart sifatida o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishni ko‘rmoqda.
“Biz uchun eng asosiy shart bor — biz o‘z maqsadlarimizga erishishimiz kerak”, — degan Peskov.
Kreml vakili, shuningdek, Ukraina tomonining hozirgi pozitsiyasini hisobga olganda, urushni “muzlatish” imkoni yo‘qligini ta’kidlagan.
Peskov Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ikki yil avval harbiy harakatlarni to‘xtatish shartlarini bildirganini qo‘shimcha qilgan. Uning aytishicha, agar Ukraina rasmiylari tegishli qarorlarni qabul qilsa, urush “bugun kun oxirigacha to‘xtashi mumkin”.
Avvalroq Qosim-Jomart To‘qaev Omsk shahrida Vladimir Putin bilan uchrashuvda Ukrainadagi mojaroni “muzlatish”, Istanbul kelishuvlari asosida muzokaralarga qaytish va tinchlik yo‘lida harakat qilish taklifini bildirgan edi.






