AsosiyJAMIYAT

Bolalar nafaqasi kimlarga to‘xtatiladi?

Avgust oyidan bolalar nafaqasi to‘lovlari yangi shartlar asosida davom ettiriladi.

'Bolalar nafaqasi kimlarga to‘xtatiladi?'ning rasmi

O‘zbekistonda 2026 yil avgust oyidan ayrim oilalar uchun bolalar nafaqasi va moddiy yordam to‘lovlari to‘xtatilishi mumkin. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi ma’lum qildi.

Yangi tartibga ko‘ra, “Kambag‘al oila” toifasiga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasi yoki moddiy yordam ular tayinlangan kundan boshlab 6 oy muddatga, oilaning mehnatga layoqatli a’zolari rasmiy band bo‘lishi sharti bilan beriladi.

2026 yil fevral oyida tayinlangan to‘lovlarning 6 oylik muddati avgust oyida yakunlanadi. Shundan so‘ng nafaqa davom ettirilishi yoki to‘xtatilishi oila a’zolarining bandligiga qarab belgilanadi.

Agar mehnatga layoqatli shaxs so‘nggi 6 oy davomida rasmiy ishlamagan bo‘lsa yoki Bandlik xizmatlari tomonidan taklif qilingan mos ishni ikki marta yoki undan ko‘p rad etgan bo‘lsa, nafaqa to‘lovi avgust oyidan boshlab to‘xtatiladi.

To‘lovlarni saqlab qolish uchun mehnatga layoqatli oila a’zosi rasmiy ishga joylashishi, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tishi yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida rasmiylashib, ijtimoiy soliqni to‘lashi kerak.

Shuningdek, oila daromadiga qarab nafaqa miqdori ham farq qilishi mumkin. Daromad minimal iste’mol xarajatlarining 1–1,25 baravari oralig‘ida bo‘lsa, to‘lovning 75 foizi, 1,25–1,5 baravari oralig‘ida bo‘lsa, 50 foizi to‘lanadi.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi ta’kidlashicha, mazkur to‘lovlar haqiqatan ham yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida ajratiladi.

    Boshqa yangiliklar

    Bolalar nafaqasi kimlarga to‘xtatiladi? - Darakchi.uz