Belarusga ishlash uchun borgan O‘zbekiston fuqarosi ish beruvchi bilan aloqa uzilgani oqibatida og‘ir ahvolda qoldi. U diplomatik vakolatxona va Migratsiya agentligi ko‘magida O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaro M.T. joriy yil iyul oyida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida Belarusga yo‘l olgan. Ammo Minsk shahriga yetib borgach, uni ishga taklif qilgan shaxs aloqaga chiqmay qo‘ygan. Bir necha kunlik urinishlarga qaramay, ish beruvchi bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmagan va fuqaro mablag‘siz qolgan.
Shundan so‘ng u O‘zbekistonning Belarisdagi elchixonasiga murojaat qilib, Vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan. Elchixona xodimlari zarur hujjatlarni rasmiylashtirib, O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan aviachipta olib berishga ko‘maklashgan.
Natijada M.T. 24 iyul kuni "Belavia" aviakompaniyasining Minsk–Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga qaytarildi.






