O‘zbekistonda oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar bitiruvchilarining kasbiy tayyorgarligi hamda mehnat bozori talablariga mosligi ish beruvchilar bahosi asosida o‘rganiladi.
2026 yil 27 iyul kunidan Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan ish beruvchilar o‘rtasida umummilliy so‘rovnoma o‘tkazish boshlandi.
So‘rovnoma Prezidentning "Ta’lim sifatini ta’minlash va ta’lim xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Farmoni ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etilmoqda.
Tadqiqotning asosiy maqsadi oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar bitiruvchilarining kasbiy tayyorgarligi, bilim va ko‘nikmalarini ish beruvchilar bahosi asosida o‘rganish hamda ularning zamonaviy mehnat bozori talablariga qay darajada mos kelishini aniqlashdan iborat.
So‘rovnoma davomida ish beruvchilarning bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi, amaliy ko‘nikmalari va kompetensiyalari, mustaqil ishlash qobiliyati, raqamli ko‘nikmalari hamda mehnat bozori talablariga mosligi haqidagi fikrlari o‘rganiladi.
Tadqiqot respublika bo‘ylab oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlar bitiruvchilarini ishga qabul qilgan ish beruvchilarni qamrab oladi.
So‘rovnoma doirasida Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi intervyuerlari va volonterlari tomonidan telefon orqali suhbatlar o‘tkaziladi. Zarur hollarda ish beruvchilar faoliyat yuritayotgan tashkilotlarga borib, yuzma-yuz intervyular ham tashkil etiladi.
Ma’lum qilinishicha, umummilliy ish beruvchilar so‘rovnomasi natijalari oliy ta’lim tashkilotlari va texnikumlarning Milliy reytingini shakllantirishda qo‘llaniladigan muhim indikatorlardan biri hisoblanadi.
So‘rovnoma natijasida olingan ma’lumotlar kadrlar tayyorlash sifati, ta’lim dasturlarining mehnat bozori ehtiyojlariga muvofiqligi va bitiruvchilarning raqobatbardoshligini baholashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ushbu ma’lumotlar ta’lim sifatini yanada oshirish, ta’lim dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish va sohani rivojlantirishga qaratilgan taklif hamda chora-tadbirlarni ishlab chiqishda tahliliy asos bo‘lib xizmat qiladi.






