Politsiya ma'lumotiga ko'ra, qiz mahalliy qabila oqsoqollari tomonidan noqonuniy munosabatlarda ayblanib, "kari" deb e'lon qilingan. Shundan so'ng bobosi va tog'asi uni qabila oqsoqolining buyrug'i bilan otib o'ldirgan.
Fojea 10 aprel kuni Xayrpur tumanidagi Tando Masti qishlog'ida sodir bo'lgan. Qotillik videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Marhumaning onasi Nabul qizining qichqiriqlari hamon qulog'idan ketmayotganini aytgan. Otasi Muhammad Ramzan esa voqea sodir bo'lgan paytda Karachi yaqinidagi sement zavodida tungi smenada ishlayotgan bo'lgan.
Xolida besh yil avval amakivachchasiga turmushga chiqqan edi. Biroq eri bedarak yo'qolgach, u ota-onasinikiga qaytgan. Oradan besh oy o'tib, qarindoshlari uni boshqa erkak bilan aloqada bo'lganlikda ayblab, mahalliy jirga (qabila kengashi) oldiga olib chiqqan. Aynan shu yig'inda unga nisbatan o'lim hukmi chiqarilgani aytilmoqda.
Politsiya ushbu jinoyat yuzasidan uch nafar gumondorni qo'lga olgan, yana bir shaxs qidiruvga berilgan. Ish sudga oshirilishi kutilmoqda.
Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar ma'lumotiga ko'ra, 2025 yilda Pokistonda kamida 470 nafar ayol "nomus uchun qotillik" qurboni bo'lgan. Faollar esa haqiqiy qurbonlar soni bundan ham ko'p bo'lishi mumkinligini, bunday jinoyatlarga sabab bo'layotgan an'analar va ayrim hollarda aybdorlarni himoya qiluvchi tizim hali ham saqlanib qolayotganini ta'kidlamoqda.






