Samarqand shahrida uch nafar shaxs 35 yoshli erkakni kaltaklab, unga tan jarohati yetkazgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 23 iyul kuni soat 20:10 larda Samarqand shahrida yashovchi 35 yoshli J.G. 52 yoshli qo‘shnisi U.A. bilan tortishib qolgan.
Janjalga U.A.ning 27 yoshli o‘g‘li va uning ikki nafar tanishi ham aralashgan. Ular J.G.ning tanasining turli qismlariga urib, tepib, unga tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan.
Shu kunning o‘zida holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Keyinchalik Samarqand shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi "b" bandi (bir guruh shaxslar tomonidan bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunchilikka ko‘ra, mazkur qilmishni sodir etgan shaxslar 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yohud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanilishi mumkin.






