Maʼlum qilinishicha, Oq uyda hozirda Eronga nisbatan harbiy harakatlarni yanada kuchaytirish, Tehronga qarshi yangi iqtisodiy sanksiyalar joriy etish orqali bosimni oshirish hamda AQSh o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishganini eʼlon qilib, mojarodan chiqish kabi variantlar muhokama qilinmoqda.
Nashr maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur masala so‘nggi haftalarda Donald Tramp ishtirokida o‘tkazilgan yopiq yig‘ilishlarda muhokama qilingan. Unda AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens, Mudofaa vaziri Pit Xegset, Birlashgan shtab boshliqlari qo‘mitasi raisi general Den Keyn, prezidentning kuyovi Jareb Kushner hamda maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, besh oydan buyon davom etayotgan mojaroga qaramasdan, Vashington o‘z oldiga qo‘ygan asosiy maqsadlarga to‘liq erisha olmagan. Xususan, AQSh Eronadagi siyosiy hokimiyatni harbiy bosim orqali o‘zgartirish rejasini amalga oshira olmagani taʼkidlangan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh va Eron o‘rtasidagi navbatdagi keskinlik joriy yilning 8 iyul kuni AQSh tomonidan Eron hududiga berilgan zarbalardan keyin kuchaygan edi. Vashington bu hujumlarni Hormuz bo‘g‘ozida tijorat kemasiga qilingan hujumga javob sifatida izohlagan.
Shu kuni Donald Tramp Eron bilan amal qilib kelgan o‘t ochishni to‘xtatish tartibi o‘z kuchini yo‘qotganini maʼlum qilgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Tehron Bahrayn, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Qatar va Iordaniyada joylashgan AQSh harbiy obʼyektlariga zarbalar bergan.
24 iyul kuni tomonlar o‘zaro hujumlarni to‘xtatgan bo‘lsa-da, The New York Times nashri maʼlumotiga ko‘ra, Oq uy hozircha mojaroning keyingi yo‘nalishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilmagan. Nashrning yozishicha, uchala ssenariy ham amalda ko‘rib chiqilmoqda.
Avvalroq Donald Tramp Eronga qarshi yangi keng ko‘lamli zarbalar berish rejasini vaqtincha ortga surgani haqida xabarlar tarqalgan edi.






