AsosiyJAMIYAT

Toshkentda xavfli manyovrlar qilgan 17 yoshli yigitga chora ko‘rildi

Holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan surishtiruv o‘tkazilib, huquqbuzar aniqlandi.

'Toshkentda xavfli manyovrlar qilgan 17 yoshli yigitga chora ko‘rildi'ning rasmi

Ma'lum bo'lishicha, avtomashinani boshqargan shaxs 17 yoshli yigit bo'lib, u transport vositasini hech qanday hujjatsiz ijaraga olgan. Shuningdek, uning haydovchilik guvohnomasi ham bo'lmagan.

Huquqbuzarning aytishicha, u Bunyodkor ko'chasi, Mirzo Ulug'bek ko'chasi hamda TTZ va Ko'kbazor yo'nalishida xavfli manyovrlarni bajargan. Videoni ijtimoiy tarmoqqa joylaganidan so'ng ko'p o'tmay Yo'l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari uni aniqlagan.

"Avtomobilni ijaraga olgandim. Hech qanday hujjatim ham, haydovchilik guvohnomam ham yo'q edi. O'zim 17 yoshman. Bu ishni shunchaki qiziqish uchun qildim. Yuzim ham, avtomobilning davlat raqami ham videoda ko'rinmagandi, lekin baribir topishdi", deydi u.

Huquqbuzarga nisbatan Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 128¹⁰-moddasi ("Yo'l bezoriligi") asosida ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Shuningdek, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Ma'lumot uchun, mazkur moddaga muvofiq, huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarima yoki 15 sutkagacha ma'muriy qamoq jazosi qo'llanilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar

    Toshkentda xavfli manyovrlar qilgan 17 yoshli yigitga chora ko‘rildi - Darakchi.uz