AsosiyJAMIYAT

Sanepidxodimlar "ijobiy xulosa"ni pulga sotmoqchi bo'ldi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

'Sanepidxodimlar "ijobiy xulosa"ni pulga sotmoqchi bo'ldi'ning rasmi

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi tizimida korrupsiya bilan bog‘liq bir qator holatlarga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi M.A. "M.M." MChJ tomonidan ishlab chiqariladigan tayyor oziq-ovqat mahsulotlariga ijobiy xulosa olib berishni va’da qilib, buning uchun 300 AQSh dollari va 1,2 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Samarqand viloyatining Toyloq tumanida esa sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi sanitariya vrachi F.B. yakka tartibdagi tadbirkorning non ishlab chiqarish sexiga sanitariya-gigiena xulosasini rasmiylashtirib berish evaziga 9 million so‘m talab qilgan. Tezkor tadbir davomida u kelishilgan mablag‘ning 400 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlangan. Tergov davomida uning avval ham 100 AQSh dollari va 500 ming so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.

Xorazm viloyatida Urganch shahar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi xodimi G‘.A. fuqaroga umumiy ovqatlanish shoxobchasini ochish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirib berish hamda olti oy davomida jarima qo‘llanmasligini va’da qilib, 2,4 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Namangan shahrida esa sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi shifokor yordamchisi A.S. fuqaro nomiga nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasini ochish uchun ijobiy xulosa rasmiylashtirib berish evaziga 1,2 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Qayd etilishicha, mazkur shaxs muqaddam sudlangan.

Ushbu holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) hamda 25, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar