O‘zbekistonda talab etiladigan til sertifikatiga ega bo‘lmagan xorijiy til o‘qituvchilari bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish tartibi belgilanmoqda.
Bu Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida nazarda tutilgan. Mazkur hujjat 28 iyul kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Loyihaga ko‘ra, Hukumatning 2021 yil 19 maydagi “Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirishni samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 312-son qaroriga qo‘shimcha norma kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Unga muvofiq, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilaridan talab etiladigan tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar bilan mehnat shartnomasi qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkin.
Qaror loyihasi muhokamasi 2026 yil 12 avgustgacha davom etadi.
Qayd etilishicha, xorijiy til o‘qituvchilari uchun B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi dastlab 2024–2025 o‘quv yiliga qadar belgilangan edi. Biroq pedagoglar va jamoatchilik vakillarining murojaatlari asosida ushbu muddat bir necha bor uzaytirildi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli buyrug‘i bilan xorijiy til fani o‘qituvchilarining lavozim malaka talablariga kamida B2 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro sertifikatga ega bo‘lish talabi kiritilgan.
Avvalroq umumta’lim maktablarida ishlayotgan xorijiy til o‘qituvchilari uchun mazkur sertifikatni olish muddati 2026–2027 o‘quv yili boshiga qadar uzaytirilgani ma’lum qilingan edi.






