AsosiyJAMIYAT

Hokimlarning suv tariflarini belgilash vakolati hukumatga o‘tkaziladi

Bundan tashqari, zamonaviy suv hisoblagichlarini o‘rnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari Bosh prokuratura nazoratiga olinadi.

'Hokimlarning suv tariflarini belgilash vakolati hukumatga o‘tkaziladi'ning rasmi

O'zbekistonda ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv xizmatlari tariflarini tasdiqlash vakolati hokimliklardan olinib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasiga beriladi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning 24 iyul kuni imzolagan “Ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv tizimini yanada yaxshilashga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF–140-sonli farmonida belgilandi.

Hujjatga muvofiq, 2026 yil 1 sentyabrdan “O'zsuvta'minot” AJ tasarrufiga o'tkaziladigan barcha ichimlik suvi va oqova suv infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari “Dasturlarning amalga oshirilishini monitoring qilish va manzilli ro'yxatlarni kelishishning avtomatlashtirilgan axborot tizimi” elektron platformasi orqali yuritiladi.

Shuningdek, “O'zsuvta'minot” AJ hamda uning tizimidagi korxonalar o'rtasida malaka oshirish, o'qitish va ekspluatatsiyaga oid shartnomaviy munosabatlar to'g'ridan-to'g'ri tashkil etiladi.

Farmon bilan ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv sohasida amalga oshiriladigan yangi loyihalarga xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining qarz va grant mablag'larini oldindan xarid, retroaktiv va boshqa moliyalashtirish mexanizmlari orqali jalb qilish tartibi ham belgilandi.

2027 yil 1 yanvardan iqtisodiy jihatdan samarasiz yoki markazlashgan ichimlik suvi tarmog'ini barpo etish maqsadga muvofiq bo'lmagan hududlarda aholiga xizmat ko'rsatish alohida yondashuv asosida yo'lga qo'yiladi. Bunda maxsus texnikalar orqali suv yetkazib berish, suv shoxobchalarini tashkil etish kabi usullar qo'llaniladi.

Farmonga ko'ra, 2027 yildan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo'jalik birlashmalari rahbarlari hamda ularning o'rinbosarlari faoliyati samaradorligini baholashda ichimlik suvini tejash va hududiy suv ta'minoti korxonalariga masofadan ma'lumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarini o'rnatish ko'rsatkichlari ham inobatga olinadi.

Bundan tashqari, zamonaviy suv hisoblagichlarini o'rnatmagan respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo'jalik birlashmalari Bosh prokuratura nazoratiga olinadi.

Yana bir muhim yangilik sifatida, 2027 yil 1 apreldan boshlab respublikadagi barcha byudjet tashkilotlari uchun ichimlik suvi ta'minoti va oqova suv xizmatlari bo'yicha yagona tariflar joriy etiladi. Shu bilan birga, ichimlik suvini ishlab chiqarish va uni iste'molchilarga yetkazib berish jarayonlari bo'yicha alohida hisob-kitob tizimi yo'lga qo'yiladi.

Farmon bilan har yili mart oyi “Suvni tejash oyligi” deb e'lon qilinib, suv resurslaridan oqilona foydalanish va suvni qadrlash madaniyatini ommalashtirishga qaratilgan keng qamrovli targ'ibot tadbirlari o'tkazilishi ham belgilandi.

    Boshqa yangiliklar