AsosiyJAMIYAT

Nukusda 50 yillik qozonxona o‘rniga zamonaviy energiya majmuasi quriladi

Nukusdagi eski qozonxona kogeneratsiya texnologiyalari asosida yangilanadi.

'Nukusda 50 yillik qozonxona o‘rniga zamonaviy energiya majmuasi quriladi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi markaziy qozonxonani kogeneratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.

Kuz-qish mavsumida aholini va ijtimoiy soha obʼektlarini uzluksiz hamda sifatli issiqlik energiyasi bilan taʼminlash, shuningdek, sohada energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Maʼlum qilinishicha, hozirda Nukus shahridagi 47 ta koʻp qavatli uy markaziy isitish tizimiga ulangan. Yana 270 ta uy lokal isitish tizimi orqali isitilmoqda. Qolgan koʻp qavatli uylarda esa xonadonlar turli qoʻlbola isitish vositalaridan foydalanmoqda.

Mazkur usullar nafaqat ortiqcha energiya sarfiga olib keladi, balki insonlar salomatligi va xavfsizligi uchun ham muayyan xavf tugʻdiradi.

Nukus shahridagi amaldagi markaziy qozonxona 1976 yilda qurilgan boʻlib, hozirda asosan ijtimoiy soha obʼektlariga xizmat koʻrsatmoqda. Qozonxona uskunalari maʼnan va jismonan eskirgani sababli uning energiya samaradorligi past darajada qolmoqda.

Hozirgi tizimda 1 gigakaloriya issiqlik ishlab chiqarish uchun qariyb 153 kub metr tabiiy gaz va 30 kilovatt-soat elekt energiyasi sarflanmoqda. Qozonxonaning amaldagi quvvati esa soatiga 1,6 gigakaloriyani tashkil etadi.

Taqdimotda ushbu obʼektni davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy kogeneratsiya texnologiyalari bilan modernizatsiya qilish masalasi koʻrib chiqildi.

Kogeneratsiya texnologiyasi bir manba yoqilgʻidan bir vaqtning oʻzida elekt va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu esa resurslardan samarali foydalanish, xarajatlarni kamaytirish va atrof-muhitga salbiy taʼsirni qisqartirishga xizmat qiladi.

Loyiha doirasida soatiga 34,4 gigakaloriya issiqlik va 21,5 megavatt elekt energiyasi ishlab chiqara oladigan zamonaviy majmua barpo etiladi.

Shuningdek, 28 kilometrlik issiqlik tarmoqlari quriladi, 189 ta individual issiqlik punkti oʻrnatiladi. Koʻp qavatli uylar hamda ijtimoiy obʼektlarning ichki isitish tizimlari tiklanadi.

Birinchi bosqichda 136 ta koʻp qavatli uydagi qariyb 6 ming xonadon, yaʼni 23 ming nafar aholi va 40 ta ijtimoiy soha obʼekti markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan qamrab olinadi.

Keyingi bosqichlarda Nukus shahridagi barcha koʻp qavatli uylar va ijtimoiy obʼektlarni yagona markazlashgan isitish tizimiga ulash rejalashtirilgan.

Loyihaning birinchi bosqichi uchun 20 million dollardan ortiq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya jalb etiladi. Yangi majmuani 2028 yil fevral oyida toʻliq ishga tushirish koʻzda tutilgan.

Modernizatsiya natijasida qozonxonaning foydali ish koeffitsienti 80 foizdan 91 foizgacha oshadi. Issiqlik ishlab chiqarish hajmi sezilarli koʻpayib, yiliga 172 ming megavatt-soatgacha elekt energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.

Shu bilan birga, yiliga 12,2 million kub metr tabiiy gaz tejalishi, atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar miqdorining kamayishi kutilmoqda.

Yangi majmua ishga tushirilishi bilan 19 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, soha mutaxassislarining zamonaviy texnologiyalardan foydalanish boʻyicha malakasi oshiriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev loyihani amalga oshirishda aholi uchun barqaror, xavfsiz va sifatli issiqlik taʼminotini taʼminlash, qurilish ishlarini belgilangan muddatlarda va yuqori sifatda yakunlash muhimligini taʼkidladi.

Masʼullarga loyiha ijrosini samarali tashkil etish, infratuzilma masalalarini oʻz vaqtida hal qilish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Nukus tajribasi asosida kelgusida Buxoro, Samarqand, Urganch va Zarafshon shaharlaridagi qozonxonalarni ham kogeneratsiya va trigenaratsiya texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.

    Boshqa yangiliklar